KEYVO

Barcha maqolalar

Ergonomik klaviatura: bilak charchog'i va to'g'ri holat

Yozganda bilak va yelka nega charchaydi, ish joyini qanday sozlash kerak va ergonomik klaviatura bunda qanday yordam beradi.

Kun oxirida bilak og'irlashsa yoki yelka qotsa, sabab ko'pincha klaviaturaning o'zida emas, qo'llarning unda qanday turishida. Ergonomik klaviatura aynan shu holatni o'zgartirish uchun yaratilgan.

Muhim eslatma: bu maqola tibbiy maslahat emas. Og'riq davom etsa yoki kuchaysa, shifokorga murojaat qil.

Oddiy klaviaturada nima bo'ladi

Uch narsa bir vaqtda sodir bo'ladi:

  • Bilak yon tomonga bukiladi. Qo'llar o'rtaga yig'ilgani uchun kaftlar tashqariga qayriladi.
  • Kaft pastga buriladi. Bilak suyaklari buralgan holatda turadi.
  • Yelkalar ichkariga yopiladi. Ko'krak qisiladi, bo'yin oldinga chiqadi.

Har biri alohida kichik narsa. Kuniga sakkiz soat, yillab — yig'iladi.

Avval ish joyini sozla

Klaviatura almashtirishdan oldin bepul narsalarni to'g'rila:

  1. Tirsak taxminan to'g'ri burchakda, yelka bo'shashgan.
  2. Bilak tekis — yuqoriga ham, pastga ham bukilmagan.
  3. Klaviatura tirsak balandligida yoki sal pastda. Orqa oyoqchalarini ko'tarma — ular bilakni yuqoriga bukadi.
  4. Monitorning yuqori cheti ko'z balandligida.
  5. Tanaffus. Har soatda bir-ikki daqiqa qo'llarni bo'shat.

Ergonomik klaviatura nima beradi

YechimNimani to'g'rilaydi
Ikkiga bo'lingan shakl (split)Bilakning yon tomonga bukilishini, yelkaning yopilishini
Ichki chetni ko'tarish (tenting)Kaftning pastga burilishini
Kichikroq o'lchamSichqonchaga cho'zilishni
Bosh barmoq tugmalariJimjiloqqa tushadigan ortiqcha yukni
Yengilroq switchlarHar bosishdagi kuchni

Eng katta o'zgarishni shakl beradi: split klaviatura nima.

Ergonomik klaviatura sehr emas

U holatni yaxshilaydi, lekin yomon stul, past monitor va tanaffussiz ishni tuzatmaydi. Eng yaxshi natija — hammasi birga bo'lganda.

Qayerdan boshlash

  • Avval ish joyini sozla — bu bepul.
  • Keyin o'lchamni kichraytirishni o'ylab ko'r: klaviatura turlari.
  • Charchoq qolsa — split klaviaturani sinab ko'r. O'tish qanday kechishi: birinchi haftalar.

Qaysi belgilarga e'tibor berish kerak

Ish oxiridagi yengil charchoq — odatiy hol, uni holat va tanaffus bilan kamaytirish mumkin. Lekin barmoqlar uvishsa, sanchsa yoki og'riq kechasi ham bezovta qilsa, buni klaviatura bilan hal qilishga urinma — shifokorga ko'rin.

Sichqoncha ham hisobga kiradi

Bilak faqat yozishdan emas, sichqonchaga cho'zilishdan ham charchaydi. Uni klaviaturaga iloji boricha yaqin qo'y. Raqamli bloki yo'q klaviatura yoki split shakl sichqonchani tanaga yaqinlashtiradi.

Ko'p beriladigan savollar

Ergonomik klaviatura og'riqni davolaydimi?
Yo'q, u davolamaydi. U qo'llarni tabiiyroq holatga qo'yib, kundalik yukni kamaytirishga yordam beradi.

Bilak tagligi kerakmi?
Yozayotganda bilak taglikka bosilib turmagani ma'qul. Taglik asosan tanaffus paytida qo'lni qo'yib dam olish uchun.

Klaviaturani qancha ko'tarish (tenting) kerak?
Kichik burchakdan boshla va qulayliginga qarab asta oshir. Hamma uchun bitta to'g'ri raqam yo'q.

Ergonomik klaviaturaga ko'nikish qiyinmi?
Shaklga bog'liq. Yaxlit ergonomik modellarga tez ko'nikiladi; split modellarga o'tish haqida alohida yozganmiz.

KEYVO split klaviaturalari haqida savoling bo'lsa, Telegram'da yoz: @keyvo_uz.